Toshkent tibbiyot akademiyasi Umumiy amaliyot shifokori qayta tayyorlash va malakasini oshirish kafedrasi tarixi
XX asr oxirlarida tibbiy xizmat ixtisoslashishining kuchayishi natijasida tibbiy yordamning aholi zaruriyatlaridan uzoqlashishi, sog‘liqni saqlash tizimining sarf-xarajatlarining oshishiga olib kelayotganligi anglandi.
Shu sababli, 1978-yilda Alma-ata deklaratsiyasi qabul qilinib, birlamchi tibbiy-sanitariya yordamni (BTSYO) sog‘liqni saqlash tizimi siyosatining asosiy yo‘nalishi deb kiritildi, hamda umumiy shifokorlik amaliyotiga muhim o‘rin berildi: «BTSYO xizmatining muhim qismini tashkil etib, amaliy, ilmiy-tasdiqlangan va ijtimoiy maqbul bo‘lgan usul va texnologiyalarga asoslangandir. Ta’kidlangan usul va texnologiyalar alohida shaxslarga, shu bilan birga oilalarga barcha joyda qulay bo‘lib, rivojlanishning har bir bosqichida jamiyat uchun, hamda butun davlat uchun mo‘ljallangan xarajatlarni oqlaydi. Xususan, alohida shaxs, oila, jamoa va sog‘liqni saqlash tizimi o‘rtasidagi muloqotning birinchi pog‘onasi bo‘lib, tibbiy yordamni aholining yashash manzili va ish joyiga imkon qadar yaqinlashtiruvchi hamda salomatlikni himoya qiluvchi uzluksiz jarayonning ilk tarkibiy qismini tashkil etadi».
O‘zbekistonda 1998-yilda «O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini 1998-2005-yillarda isloh qilish Davlat Dasturi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni qabul qilindi. Islohotning ustivor yo‘nalishi bo‘lib BTSYOni takomillashtirish va shu bilan birga umumiy shifokorlik amaliyotini tadbiq etish va mukammallashtirish tanlandi. Sog‘liqni saqlash tizimining me’yoriy-huquqiy negizini mukammallashtirish maqsadida 60 dan ortiq me’yoriy-huquqiy hujjatlar (shu bilan birga 6 ta Qonun, 30 Hukumat qarorlari, 17 me’yoriy va 100 dan ortiq tarmoq hujjatlari qabul qilindi.
O‘zbekiston aholisining yarmidan ko‘pi qishloq joylarda istiqomat qilishini inobatga olgan holda, ularning salomatligini himoya qilishga alohida e’tibor qaratildi. Sog‘liqni saqlash tizimining birlamchi bo‘g‘inini (SSBB) ayniqsa qishloq joylarida mustahkamlash va rivojlantirish mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish Davlat Dasturining asosiy yo‘nalishi bo‘lib hisoblanadi.
1999-yildan buyon O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash tizimining birlamchi va ikkilamchi bo‘g‘inlarini mustahkamlash va isloh qilishga qaratilgan «Salomatlik» loyihalari amalga oshirilmoqda. Davlat Dasturiga asoslangan holda, ushbu loyihalar yordamida shifokorlarni yanada yuqori malakali darajada tayyorlash, xususan, umumiy amaliyot shifokorlarini kasalliklarni tashxislash, davolash, profilaktika va turli tashkiliy ishlar bo‘yicha malakasini oshirish zamonaviy tibbiyotning, xususan, tibbiyot oliy o‘quv yurtlarining asosiy maqsadlaridan biri bo‘lib qoldi.
Shu maqsadlarni amalga oshirish asosiy vazifasi bo‘lgan Umumiy amaliyot shifokorini qayta tayyorlash va malakasini oshirish kafedrasi Toshkent tibbiyot akademiyasining 2015-yil 2-noyabrdagi №324-sonli buyrug‘iga ko‘ra tashkil etilgan. Lekin ushbu kafedraning tarixi 1999-yildan buyon davom etib kelayotganligini esimizdan chiqarmasligimiz lozim. Chunki kafedra oldin qisman 1-Toshkent tibbiyot instituti, qisman 2-Toshkent tibbiyot instituti qoshida “Salomatlik” loyihalari doirasida tashkil etilgan shahar vrachlik punkti, “Umumiy amaliyot shifokorlari tayyorlash” o‘quv markazi, bakalavriatning UASH tayyorlash kafedralarida “Umumiy amaliyot shifokorini qayta tayyorlash” kursi sifatida faoliyat yuritib kelgan. Biz bu haqda quyida batafsil ma’lumot berishni lozim deb topdik.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 22.04.1998-yildagi 167-f sonli Farmoyishi, Sog‘liqni Saqlash Vazirligi Kengashining 22.05.1998-yildagi №5\13-sonli Qarori va “Salomatlik-1” loyihasini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika komissiyasi yig‘ilishining 12.02.1999-yildagi bayonnomasiga ko‘ra, 1999-yilda kafedra qoshida 1-Toshkent Davlat tibbiyot institutining “Umumiy amaliyot shifokorlari tayyorlash” O‘quv markazi tashkil etilib, unga dotsent Sh.Z.Qosimov, keyinchalik esa X.S.Axmedov rahbarlik qilgan. 2004-yilda esa ikkinchi O‘quv markazi tashkil etilib, unga dotsent R.K.Dadabayeva direktor etib tayinlandi. 2-Toshkent davlat tibbiyot institutida xam xuddi shunday 2 ta markaz tashkil etilib, ularga dotsent N.A.Narmuxamedova va D.D.Melikova boshchilik qildilar.
Bu O‘quv markazlarda quyidagi xodimlar pedagogik faoliyat yuritdilar: dotsentlar Sh.Z.Kosimov, R.A.Nurmuxamedova, R.F.Muxiddinova; katta o‘qituvchilar D.A.Abzalova, M.A.Rashidova, N.X.Xudayberganova, Sh.S.Gulomova; assistentlar D.M.Turayeva, F.M.Nuriddinova, G.U.Alimova, M.Soipova, N.S.Jumamuratova, O.F.Yusupov, M.S.Maxmudova, M.U.Tursunova, U.N.Eshniyezova, A.R.Gimadutdinova, G.R.Malikova, S.A.Madenova, M.A.Sadirova, Z.Shoalimova.
Ushbu o‘quv markazlari 2014-yil sentabr oyidan Toshkent tibbiyot akademiyasi davolash fakultetining UASH tayyorlash kafedrasi qoshida №1-sonli UASH qayta tayyorlash va malakasini oshirish O‘quv kursiga va tibbiy pedagogika fakultetining UASH tayyorlash kafedrasi qoshida №2-sonli UASH qayta tayyorlash va malakasini oshirish O‘quv kursiga aylantirildi.
O‘quv markazlari Respublikamizdagi oilaviy poliklinikalar, shahar va tuman poliklinikalari, qishloq vrachlik punktlari shifokorlarini umumiy amaliyot shifokoriga qayta tayyorlash o‘quv bazasi bo‘lib, deyarli 20 yil davomida Farg‘ona, Namangan, Surxondaryo, Qashqadaryo, Jizzax, Sirdaryo, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahrining sog‘liqni saqlash birlamchi bo‘g‘iniga umumiy amaliyot tibbiyotning zamonaviy talablariga javob beruvchi mutaxassislar tayyorlab berishga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda. Ushbu o‘quv markaz\kurslari tashkil etilgandan buyon, qishloq vrachlik punktlari, qishloq va shahar oilaviy poliklinikalari, tumanlar ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalari uchun 2000 dan ortiq UASH-mutaxassislari tayyorlandi.
TTAning 2015-yil 2-noyabrdagi №324-buyrug‘iga asosan, akademiyamiz qoshidagi o‘quv kurslari birlashtirilib, UASH qayta tayyorlash va malakasini oshirish kafedrasi yaratildi. Mazkur buyruqqa asosan, kafedra mudiri etib Ra’no Kudratovna Dadabayeva, dotsent lavozimiga Nazira Azizovna Narmuxamedova, Abdulla Xaqberdiyevich Irnazarov va Ra’no Faxriddinovna Muxiddinovalar, katta o‘qituvchi lavozimiga Moxira Abduxamidovna Rashidova, Dilorom Abduxalilovna Abzalova, tibbiyot fanlari nomzodi Dilfuza Zairovna Yarmuxamedova, Shaxzoda Sayfuddinovna Gulomova, Noila Xamitovna Xudayberganova tayinlandilar. Bular bilan bir qatorda tajribali pedagoglardan Otabek Firnafasovich Yusupov, Mashxura Nazirdjanovna Soipova, tibbiyot fanlari nomzodi Munira Sayfiyevna Maxmudova, Asiya Renatovna Gimaduddinova, Gulmira Umurzakovna Alimova, Dilnoza Mustafayevna Turayeva, Feruza Mirusmanovna Nuriddinova, Umida Nodirovna Eshniyazova, Saida Abugaliyevna Madenova, Minavvar Ulugbekovna Tursunova, Ozoda Alibekovna Mirzabekova, Fotima O‘tkurovna Raxmatova, Nilufar Sultanovna Jumamuratovalar assistent lavozimiga qabul qilindilar.
O‘z sohalarining yetakchi mutaxassislari bo‘lgan bu shifokor o‘qituvchilar kafedraning Toshkent shahridagi 9-, 20-, 16-, 37-oilaviy poliklinikalarida joylashgan va “Salomatlik” loyihalari doirasida to‘liq jihozlangan 4 ta o‘quv bazalarida Respublikamizning 7 ta viloyati va Toshkent shahri shifokorlarini “Umumiy amaliyot shifokori” mutaxassisligi bo‘yicha qayta tayyorlash ishlarini davom ettirdilar.
Kafedramizda o‘quv jarayoni O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan, tizimli ravishda Jahon banki ekspertlari va O‘zbekistonning yetakchi mutaxassislari tomonidan o‘rganilib, yangilanib, boyitib borilgan, Respublikamiz tibbiyot oliy o‘quv yurtlaridagi barcha UASH qayta tayyorlash va malakasini oshirish kafedra\kurslari uchun yagona bo‘lgan “UASH qayta tayyorlash 10 oylik dasturi” bo‘yicha amalga oshirildi. O‘quv dasturining maqsadi – sog‘liqni saqlash tizimi muassasalarida aholiga profilaktika, tashxislash va davolashda malakali yordam ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan yuqori malakali mutaxassis – UASH tayyorlashdir. Bu dasturga amaliy tibbiyotning turli yo‘nalishlari bo‘yicha 35 ta fan: sog‘liqni saqlashni tashkil etish, shaxslararo muloqot, maslahat berish ko‘nikmalari, dalillarga asoslangan tibbiyot, laboratoriya ishi, reproduktiv salomatlik, xavfsiz onalik, hamda, UASH malakaviy tasnifiga mos tarzda, barcha klinik fanlar kiritilgan.
Tahsil olayotgan shifokorlar fanni o‘zlashtirishi har bosqichdan (12 kun) so‘ng joriy nazorat, 5 oydan so‘ng oraliq nazorat yordamida tekshirib borildi. Dastur oxirida 5 bosqichli yakuniy nazorat o‘tkazilib, (test sinovi O‘zRSSVning Akkreditatsiya va Litsenziyalash Markazida o‘tkazildi), tibbiy xizmat sifatini oshirish bo‘yicha tayyorlangan ilmiy-amaliy loyiha himoyasi, OSCE, klinik holat menejmenti kabi imtixon turlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan shifokorlar “Umumiy amaliyot shifokori” sertifikatiga ega bo‘ldilar, bu, o‘z navbatida, qishloq vrachlik punktlari, qishloq va shahar oilaviy poliklinikalarida, tumanlar ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarda faoliyat yuritish huquqini beradi.
O‘zR SSVning 22.03.2016-yildagi 140-sonli “Tibbiyot xodimlarini MO tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi buyrug‘i, O‘zR SSVning 20.07.2016-yildagi 323-sonli “Tibbiyot OTMlarida umumiy amaliyot vrachlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish kafedralari faoliyati to‘g‘risida”gi buyrug‘i ilovasi: “Tibbiyot oliy o‘quv yurtlarida UASH qayta tayyorlash va malakasini oshirish kafedralari faoliyati to‘g‘risida Nizom”ga ko‘ra, kafedramiz 2016-yilning sentabr-dekabr oylarida UASHlar uchun mavzuli malaka oshirish bo‘yicha faoliyat yuritib, kafedra kelajagi uchun poydevor yaratdi. Bu davrda Toshkent shahrining 132 ta shifokori 18, 36, 72 soatli sikllar bo‘yicha malaka oshirib, tegishli namunadagi sertifikatga ega bo‘ldilar.
2018-yilning sentabr oyidan kafedramiz Sog‘liqni saqlashning birlamchi bo‘g‘ini shifokorlari – UASH, pediatr va terapevtlar uchun mo‘ljallangan mavzuli malaka oshirish ishlari bo‘yicha faoliyatga to‘liq o‘tdi. Malaka oshirish ishlarini amalga oshirish uchun Toshkent tibbiyot akademiyasi Respublikamizning 7 ta viloyatlari Sog‘liqni saqlash boshqarmalari va Toshkent shahar sog‘liqni saqlash Bosh boshqarmasi bilan shartnomalar tuzib, shifokorlarning bilim va ko‘nikmalarini zamonaviy talablarga ko‘ra yanada yaxshilashga kelishildi. Shu asosda, Surxondaryo, Qashqadaryo, Jizzax, Sirdaryo, Farg‘ona, Namangan, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahri shifokorlari Toshkent tibbiyot akademiyasining UASH qayta tayyorlash va malakasini oshirish kafedrasida 72-soatli mavzuli malaka oshirish sikllarida tahsil olmoqdalar. Buning uchun kafedra pedagoglari – katta o‘qituvchilar O.F.Yusupov, Sh.S.Gulomova, F.M.Nuriddinova; assistentlar tibbiyot fanlari nomzodi A.K.Kulkarayev, O.A.Mirzabekova,B.T.Adilovalar kafedra mudiri, dotsent R.K.Dadabayeva rahbarligida o‘z kuch va bilimlarini ayamay mehnat qilishmoqda.
O‘quv ishlari bilan bir qatorda, kafedramizda “Sog‘liqni saqlashning birlamchi bo‘g‘inida noinfeksion kasalliklarga tibbiy xizmat ko‘rsatish, erta aniqlash, davolash va oldini olish” mavzusida ilmiy izlanish ishlari olib boriladi. Shu jumladan, dotsent, t.f.n. N.A.Narmuxamedova “Профилактика АГ в условиях современной формы организации ПЗЗ в Узбекистане”, katta o‘qituvchi Sh.S.G’ulomova “Повышение эффективности профилактики и лечения ГБ на уровне ПЗЗ”, katta o‘qituvchi O.F.Yusupov “Улучшение качества медицинских услуг эндокринологическим больным в ПЗЗ” mavzularidagi ilmiy ishlarini yakunlab, himoyaga tayyorlashdi. Undan tashqari, assistentlar F.U.Raxmatova “Оценка физического развития детей 6-18 лет, занимающихся спортом” va N.X.Xudayberganova “Особенности формирования внежелудочных проявлений H.pylory ассоциированной гастродуоденальной патологии у детей” mavzularida ilmiy izlanishlar olib bordilar.
O‘z faoliyati davrida kafedramiz xodimlari Respublikamizning turli tibbiyot oliy o‘quv yurtlari va kafedralari professor-o‘qituvchilari bilan hammualliflikda tibbiyotning dolzarb muammolari va o‘quv jarayonini takomillashtirishga bag‘ishlangan ilmiy-uslubiy maqolalarni davlatimizning va xorijiy mamlakatlarning ilmiy jurnallarida chop etishdi. Shu bilan birga, xodimlarimiz muntazam ravishda O‘zbekiston va xorijiy davlatlarda o‘tkaziladigan Xalqaro Kongresslar, konferensiya va s’ezdlarda ilmiy maqola va ma’ruzalar bilan muntazam qatnashib keladilar.
Jumladan, 1998-yilda dotsent Sh.Z.Kosimov va professor A.G.Gadayev hammuallifligida Turkiyada rus, o‘zbek va turk tillarida tibbiy gastroenterologik lug‘at nashr etildi. Davr talabi bo‘lgan interfaol o‘qitish uslublari 1999-yildan boshlab o‘quv jarayonida keng joriy etila boshlandi va bu borada xodimlarimiz tomonidan interfaol o‘qitishga bag‘ishlangan 10 dan ortiq uslubiy qo‘llanmalar chop etildi. O‘zbek va rus tillaridagi «Современные методы обучения и контроль знаний в подготовке врача общей практики», «Навыки консультации», «Выбор рационального, персонального лечения в общеврачебной практике», «Интерактивные методы обучения в подготовке врача общей практики», “Образовательная технология: синдромальный подход к решению проблемных ситуаций” va boshqalar shular jumlasidandir.
2010-2011 o‘quv yilida professor A.G.Gadayev muharrirligida oliy o‘quv yurtimizning yetakchi olimlari va pedagoglari, shu jumladan dotsent R.K.Dadabayeva hammuallifligida talabalar va sog‘liqni saqlash tizimining birlamchi bo‘g‘imi shifokorlari uchun o‘zbek tilida “Umumiy amaliyot shifokori uchun qo‘llanma”, “Umumiy amaliyot vrachlari uchun ma’ruzalar to‘plami”, 2013-2014-yillarda “Ichki kasalliklar” kabi kitoblar chop etildi. Shu bilan bir qatorda, A.G. Gadayev va X.S.Axmedov hammuallifligida 2011-yilda o‘zbek va rus tillarida “Umumiy amaliyot vrachlari uchun amaliy ko‘nikmalar to‘plami”, “Umumiy amaliyot hamshiralari uchun amaliy ko‘nikmalar to‘plami” va 2013-yilda “Ichki kasalliklar propedevtikasi” darsliklari chop etildi. Hozirgi kunda ushbu qo‘llanmalardan barcha tibbiyot oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan barcha talabalar va amaliy shifokorlar keng foydalanib kelmoqdalar.
UASH qayta tayyorlash va malakasini oshirish kafedrasi pedagoglari doimo o‘z kasbiy mahoratlarini oshirib boradilar. Ular “Salomatlik” loyihalari, YUNISЕF, JSST Yevropa regional byurosi, PROON, AQSH SDS va boshqa turli xalqaro tashkilotlar tomonidan o‘tkaziladigan turli o‘quv sikllarining sertifikatlariga egadir. Bundan tashqari, ular AQSH Oklaxoma shtatining Talsa shahri Oilaviy tibbiyot markazi (R.K.Dadabayeva), Buyuk Britaniya Imperial kollejining tibbiyot fakultetida va Avstriyaning Zalsburg markaziy gospitalida (O.F.Yusupov), Estoniyaning Tartu davlat Universiteti tibbiyot fakultetining Ichki kasalliklar kafedrasi (R.K.Dadabayeva, Sh.S.G’ulomova) va mustaqil davlatlar hamdo‘stligi mamlakatlarida tajriba orttirishgan.
Undan tashqari, Respublikamizning barcha tibbiyot oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari bilan bir qatorda, UASH qayta tayyorlash va malakasini oshirish kafedrasi xodimlari mamlakatimiz viloyatlari sog‘liqni saqlashning birlamchi bo‘g‘ini faoliyati, aholi salomatligi va tibbiy madaniyatini yaxshilashga o‘z hissalarini doimo qo‘shib kelmoqda.