Toshkent tibbiyot akademiyasida 10-11-aprel kunlari xalqaro anjuman o’tkazildi.
Bugungi kunda aholining sog‘lom ovqatlanishi, to‘g‘ri oziqlanish madaniyatini shakllantirish hamda turli yosh guruhlarining ovqatlanish xususiyatlarini o‘rganish — global salomatlik muammolari qatorida turibdi. Toshkent tibbiyot akademiyasi va O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi hamkorligida o‘tkazilayotgan “Nutritsiologiya va dietologiyaning dolzarb masalalari: aholining turli guruhlarini ovqatlanish xususiyatlari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman shu dolzarb masalaga bag‘ishlandi.
Mazkur anjuman ERASMUS PLUS ta’lim grantining BERNICA xalqaro loyihasi doirasida amalga oshirilib, ilmiy, amaliy va pedagogik jihatdan katta ahamiyatga ega. Tadbirda klinik fanlar mutaxassislari, dietologlar, nutritsiologlar, pedagoglar va amaliyotchi shifokorlar — jami 100 nafar ishtirokchi faol qatnashmoqda.
Anjumanda (bolalar, o‘smirlar, homilador ayollar, qariyalar va h.k.) uchun ovqatlanishning optimal usullarini aniqlash, ilmiy asoslangan tavsiyalar ishlab chiqish va xalqaro tajriba almashishdan iborat bir necha maʼruzalar kun tartibida turibdi.
Tadbirda ilg‘or xorijiy tajriba bilan bir qatorda, mahalliy olimlar va amaliyotchi shifokorlarning izlanish va ishlanmalari, ilmiy natijalari, zamonaviy parhezshunoslik yondashuvlari muhokama qilinmoqda.
Anjuman o‘zbek, rus va ingliz tillarida olib borildi, bu esa ilmiy muloqotni kengaytirish, xorijiy mutaxassislar bilan samarali aloqa o‘rnatishga imkon berdi.
Mazkur xalqaro anjuman nafaqat sog‘liqni saqlash tizimi mutaxassislari uchun, balki ta’lim muassasalari, ilmiy markazlar, jamoat salomatligi sohasida faoliyat yurituvchi tashkilotlar uchun ham katta amaliy ahamiyat kasb etdi.










Mazkur konferensiyada O‘zbekiston hamda qator xorijiy davlatlardan taniqli olimlar, amaliyotchi shifokorlar, tadqiqotchilar va soha mutaxassislari ishtirok etdi. Tadbir davomida turli yosh guruhlari, homilador ayollar, bolalar va surunkali kasalliklarga chalingan bemorlar uchun ovqatlanishning ilmiy asoslari, zamonaviy yondashuvlar va profilaktika choralariga oid dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Konferensiyada innovatsion g‘oyalar, amaliy tajribalar, ilmiy izlanishlar natijalari bilan o‘rtoqlashildi hamda ovqatlanish madaniyatini oshirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish borasida muhim taklif va tavsiyalar ilgari surildi.

